O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining 2025/2026-o‘quv yili uchun metodik ishlar rejasiga muvofiq “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi tomonidan “Jinoyatlarni fosh etishda poligraf uskunasining afzalliklari” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi katta o‘qituvchisi, psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Karimov Jasur Baxriddin o‘g‘li ishtirokida o‘tkazilgan mahorat darsida Jamoat xavfsizligi universiteti “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi professor-o‘qituvchilari, “Tarbiyaviy-psixologik ta’minlashning qo‘mondonlik-shtab faoliyati” va “Jamoat xavfsizligini huquqiy ta’minlash” magistratura mutaxassisliklari tinglovchilari, Bakalavriat va Maxsus fakultet “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” yo‘nalishi kursant-tinglovchilari ishtirok etdilar.
Mahorat darsida poligraf uskunasining tarixi, tarkibiy tuzilishi, vazifasi, ishlash prinsipi, jinoyatchilikni aniqlashda poligraf uskunasining afzalliklari nazariy jihatdan yoritib berildi. Shaxsning real vaqtdagi psixofiziologik o‘zgarishlari, savol-javob jarayonida yolg‘on ma’lumot ishlatish reaksiyalari tinglovchilar misolida amaliy namoyish etildi.
Mahorat darsi amaliy ruhda hamda savol-javobga boy tarzda o‘tganligi bilan kursant-tinglovchilarda yorqin taassurot qoldirdi.