O‘zbekiston huquqiy demokratik davlat sifatida o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Konstitutsiyada belgilanganidek, O‘zbekiston davlati demokratik, huquqiy, dunyoviy, unitar respublikadir. Bu to‘rt tushuncha mamlakat huquqiy tizimi, boshqaruv shakli, inson va fuqarolar erkinliklari haqida dastlabki xulosani paydo qiladi. Mamlakatda amaldagi huquqiy hujjatlar va qabul qilinayotgan qonun va qarorlarda inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish hamda mamlakatda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish va boshqalar ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Chunki huquqiy davlat mamlakat fuqarolarining erkin va faravon hayot tarzi ta’min etilgan adolatli jamiyatdir. Unda maxsus muvozanat tizimi hokimiyat tarmoqlari tomonidan qonun bilan belgilangan normalarning buzilishiga yo‘l qo‘ymaydi, ularning vakolatlarini cheklaydi. Huquqiy davlatda hokimiyat tuzilmalari va shaxs o‘rtasida o‘zaro javobgarlik mavjud. Barcha darajadagi rahbarlar va mamlakat fuqarolari o‘rtasidagi har qanday munosabatlar qonun ustuvorligini tan olishga asoslanadi. Qonun talablari bilan belgilanmagan tartibda shaxsga nisbatan har qanday ta’sir o‘tkazish fuqaro erkinliklarini buzish hisoblanadi. O‘z navbatida, fuqaro ham davlat idoralarining qonuniy talablarini hisobga olishi shart. Qonun ustuvorligi fuqarolardan faqat aniq huquqiy asosda harakat qilishni talab qilishi mumkin. Huquqiy demokratik davlatda konstitusiyaviy qonunlar huquqiy asos sifatida jamiyat hayotining barcha sohalarini tartibga soladi. Bunday davlatda hech bir mansabdor shaxs, jamoat tashkiloti, hech bir inson qonunni buza olmaydi. Shaxsning huquq va erkinliklari tengligi, davlat-huquqiy munosabatlari o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ushbu turdagi demokratik davlatning asosiy maqsadi barcha sohalarda huquq va erkinliklarni himoya qilish, barcha uchun yagona va majburiy qoidani ta’minlash, suveren va yagona davlat yaratish, qonuniy saylangan hukumatni shakllantirishdan iboratdir. Yangi O‘zbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida keng ko‘lamli va shiddatli islohotlar amalga oshirilmoqda. 2017-2024-yillarda fuqarolik jamiyati institutlarini bevosita qo‘llab-quvatlash va samaradorligini oshirishga qaratilgan 64 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zarur huquqiy va institutsional baza yaratildi. Bu borada O`zbekiston Respublikasi Prezidenti: “Fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi" deb alohida e’tirof etdilar. Bir so‘z bilan aytganda, huquqiy demokratik davlat – qonun ustuvor bo‘lgan, faoliyati va tuzilishi xalq irodasini ifodalaydigan, inson huquq va erkinliklari kafolatlangan davlat shaklidir. Shuning uchun bizning asosiy maqsadimiz qonun ustuvor bo‘lgan, ijtimoiy adolat to‘liq qaror topgan, xalq irodasini ifodalaydigan jamiyat qurish orqali yangi O‘zbekistonni yaratish va bu bilan dunyo hamjamiyati qatoridan munosib o‘rinni egallashdir.
Luqmonbek Eshmamatov, AQSH Penselvaniya shtati, Penn State Law universiteti magistranti