Jamoat xavfsizligi universitetida dual ta'lim: nazariya va amaliyot uygʻunligi

Jamoat xavfsizligi universitetida dual ta'lim: nazariya va amaliyot uygʻunligi

Jamoat xavfsizligi universitetida dual ta'lim tizimi 2024 yil joriy etilgan boʻlib, u nazariy bilimlarni amaliy koʻnikmalar bilan uygʻun birlashtirishga qaratilgan. 1-bosqich talabalari hali bu jarayonga toʻgʻridan-toʻgʻri jalb etilmagan boʻlsalarda, oʻqishning dastlabki yillaridanoq nazariyani kasbiy tayyorgarlik elementlari bilan mustahkamlash ularning kelgusida dual shakldagi ta'limda ishtirok etishlari uchun mustahkam poydevor yaratadi. Shu tariqa, “Iqtisodiyot” yoʻnalishi maxsus fakultetining 106-guruhida “Ishlab chiqarish jarayoni va uning natijalari” mavzusida ma'ruza dars mashgʻuloti oʻtkazildi. Mavzuni chuqurroq oʻzlashtirish maqsadida joriy yilning 24-sentyabr kuni professor M.S.Abdullaeva amaliy yoʻnaltirilgan ta'limni tashkil etib, talabalarni Toshkent shahridagi“Keng Makon” mebel fabrikasiga tashrifini tashkillashtirdi. Boʻlajak iqtisodchilar 30 yildan ortiq faoliyat yuritayotgan va mahsulotini xorijiy mamlakatlarga muvaffaqiyatli eksport qilayotgan korxonaning ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdilar. Fabrika mutaxassislari tsexlar faoliyatini tanishtirib, ishlab chiqarishning barcha bosqichlari oʻzaro bogʻliqligini koʻrsatdilar. Bu esa talabalarga nazariy bilimlarning amaliy hayotda qanday ifodalanishini yaqqol koʻrish imkonini berdi. Professor M.S.Abdullaeva ta'kidlaganidek, aynan nazariya va amaliyot uygʻunligi universitetda joriy etilgan dual ta'limning mohiyatini aks ettiradi: “Biz talabalarimiz nazariya va amaliyotni uygʻun qila bilishlarini istaymiz. Bu esa yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashning eng muhim qismiga aylanmoqda”.

360
Chop etish
Text to speech