Olmazor tumanida “Yuridik klinika”lar faoliyati tiklandi

Olmazor tumanida “Yuridik klinika”lar faoliyati tiklandi

Joriy yilning 2-oktyabr kuni huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda Olmazor tumanining Universitet, Miskin, Ziyo, Yangi Sebzor va Allon MFYlari binolarida Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining “yuridik klinika”lari faoliyati tiklandi. Yuridik klinika aholiga bepul huquqiy yordam koʻrsatish, aholining huquqiy madaniyati, huquqiy bilimlarini oshirish hamda jismoniy va yuridik shaxslarga begʻaraz yuridik maslahatlar koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshiradi. Yuridik klinika faoliyati jamoatchilik qabulxonasi shaklida tashkil etilgan boʻlib, Universitet professor-oʻqituvchilari huquqiy masalalar yuzasidan fuqarolar qabulini amalga oshiradi va ularga kerakli huquqiy maslahatlarni koʻrsatadi. Mazkur klinikalar ish faoliyatiga Universitetning 10 nafar professor-oʻqituvchilari biriktirildi. Yuridik klinikalarning samarali faoliyat yuritishi uchun alohida xonalar ajratildi. Klinikalarda Universitet professor-oʻqituvchilari aholi uchun eng qulay, ya'ni haftaning shanba kunlari soat 14:00dan 16:00gacha boʻlgan vaqt oraligʻida faoliyat olib bormoqdalar. Birgina yuridik klinikada faoliyati tiklangan kuning oʻzida aholidan 6 ta murojaat kelib tushdi: shundan 5 tasi koʻrib chiqilib, tegishli huquqiy maslahatlar berildi, 1 ta murojaat vakolatli organlarga hal qilish uchun yoʻnaltirildi. Koʻp sonli aholining taklif va murojaatlarini inobatga olgan holda yuridik klinikalarning faoliyatini Olmazor tumani hududidagi barcha mahallalarda yoʻlga qoʻyilishi boʻyicha ishlar olib bormoqda.

759
Chop etish
Text to speech