2026-yil 23-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti O‘quv-uslubiy boshqarmasi, “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” va “Jamoat xavfsizligini ta’minlash” kafedralari hamkorligida “Jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatida muloqot va muzokara psixologiyasi” hamda “Yo‘l harakati xavfsizligi faoliyati” fanlari doirasida ssenariylashtirilgan amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.
Jamoat xavfsizligi universiteti Bakalavriat fakulteti 3-kursantlar batalyoni “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” va “Yo‘l harakati xavfsizligi faoliyati” taʼlim yo‘nalishlari kursantlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan amaliy mashg‘ulot “Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan vaqtda xodimlarning tezkor harakatlanishi”, “Aholi gavjum joylarda profayling usulidan samarali foydalanish” va “Muloqot va muzokara olib borish taktikasi” kabi mavzulardan iborat uchta o‘quv nuqtalarida amalga oshirildi.
“Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan vaqtda xodimlarning tezkor harakatlanishi” mavzusidagi birinchi o‘quv nuqtasida shartli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan vaqtda yo‘l-patrul xizmati xodimlari va psixolog mutaxassislarning jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishi va psixologik xizmat olib borish hamda yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan voqea joyiga doir tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish hamda holatga huquqiy baho berish kabi amaliy harakatlar izchil ketma-ketlikda bajarildi.
“Aholi gavjum joylarda profayling usulidan samarali foydalanish” mavzusidagi ikkinchi o‘quv nuqtasida sahnalashtirilgan bozor hududida harakatlanayotgan shubhali shaxslarni kuzatish orqali profayling usuli yordamida psixologik tashxis qilish, ular bilan muloqotni amalga oshirishning psixologik usullari kabi shartli harakatlar rolli o‘yinlar yordamida amalga oshirildi.
“Muloqot va muzokara olib borish taktikasi” mavzusidagi uchinchi o‘quv nuqtasida shartli ommaviy tartibsizliklar vaqtida ommaga nutq orqali psixologik ta’sir ko‘rsatish, muloqot va muzokara olib borishning psixologik taktikalari hamda shaxsiy tarkibni jangovar ruhini oshirishning psixomotivatsion usullari amaliy harakatlar orqali namoyish etildi.
Yuqoridagi o‘quv nuqtalarida kursantlar tomonidan amalga oshirilgan barcha harakatlarning to‘g‘ri bajarilishi, jarayondagi mahorati kafedralar professor-o‘qituvchilari tomonidan baholab borildi.
Ssenariy asosidagi amaliy mashg‘ulot Jamoat xavfsizligi universiteti Qo‘riqlash va o‘quv jarayonini ta’minlash batalyoni, O‘zbekiston Respublikasi IIV Toshkent viloyati Toshkent tumani Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Patrul-post xizmati, Milliy gvardiyaning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi shaxsiy tarkibi, harbiy texnikalari, xizmat avtotransport vositalari jalb etilgan holda amalga oshirildi.
Amaliy mashg‘ulot kursantlarning amaliy bilim va koʻnikmalari hamda mutaxassislik kompetensiyalarini shakllantirishga, kelgusida xizmat faoliyatiga moslashuvchanlik qobilyatlarini rivojlanishiga xizmat qilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.