O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi tomonidan “22-noyabr – Xalqaro psixologlar kuni”ga bag‘ishlangan “Harbiy xizmatchilarda ijtimoiy-psixologik adaptatsiya muammosini ilmiy tadqiq etishning dolzarb masalalari: nazariya va amaliyoti” mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi o‘tkazildi.
Konferensiyani o‘tkazishdan maqsad – harbiy xizmatchilarda ijtimoiy-psixologik adaptatsiya muammosining ilmiy-nazariy jihatlarini muhokama qilish, mavjud muammolarni aniqlash va ularning yechimlariga oid taklif-tavsiyalar ishlab chiqish hisoblanadi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Quruqlikdagi qo‘shinlar instituti, Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o‘qituvchilari va olimlari, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi rahbariyati o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Konferensiya yakunida Jamoat xavfsizligi universiteti va Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum ham imzolandi. “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” kafedrasi professor-о‘qituvchilari tomonidan tayyorlanayotgan ixtirochilik ishlanmalari kо‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Konferensiyada Jamoat xavfsizligi universiteti Magistratura, Bakalavriat va Maxsus fakultet tinglovchi-kursantlari, professor-о‘qituvchilar qatnashib, о‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Konferensiya yakunida maqola va tezislarni о‘z ichiga olgan tо‘plam nashr etish hamda tegishli rezolyusiyani tasdiqlash borasida qaror qabul qilindi.