Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz”da 2025 yilning 11–13 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Securex Uzbekistan – “Umumiy xavfsizlik tizimlari” XVI xalqaro ko‘rgazmasi hamda E-TECH EXPO – “Elektronika va elektrotexnika” IV xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etish O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining “Magistratura” va “Maxsus” fakultetlari, shuningdek, “Qo‘riqlashni muhandislik-texnik ta’minlash” hamda “Axborot texnologiyalari” kafedralari professor-o‘qituvchilari tashabbusi bilan tashkil etildi.
Ushbu tashrif kursant va tinglovchilar uchun amaliyotga yo‘naltirilgan muhim ta’limiy tadbir bo‘ldi.Ko‘rgazma doirasida xavfsizlikni texnik ta’minlash sohasidagi eng so‘nggi innovatsion yechimlar, intellektual videokuzatuv va signalizatsiya tizimlari, biometrik nazorat vositalari, aqlli sensorlar hamda integratsiyalashgan qo‘riqlash tizimlari bilan tanishildi. Bu esa kursant va tinglovchilarga kelgusida qo‘riqlash bo‘linmalarini zamonaviy talablar asosida boshqarish, tahdidlarni erta aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarni mustahkamlash imkonini berdi.
Tinglovchi va kursantlar mazkur ko‘rgazma orqali xavfsizlik sohasidagi ilg‘or texnologiyalar tendensiyalari, xalqaro tajribalar hamda amaliy qo‘llanmalarning ahamiyatini chuqur anglab yetdilar. Shu bilan birga, ularda texnik tizimlarni tahlil qilish, ularni xizmat jarayonida to‘g‘ri tanlash va samarali qo‘llash bo‘yicha mutaxassislik kompetensiyalari shakllandi.
Bunday ko‘rgazmalarda ishtirok etish kursant va tinglovchilarning:
zamonaviy xavfsizlik vositalari haqidagi nazariy bilimlarini amaliy misollar bilan boyitishga;
qo‘riqlash obyektlarida texnik yechimlarni tanlash va joriy etish bo‘yicha mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga;
xalqaro standartlarga mos bo‘lgan qo‘riqlash strategiyalarini qo‘llash malakasini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur ko‘rgazma ishtirokchilari kelgusidagi xizmat faoliyatlarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ilg‘or texnik vositalarni tanlash, ularni samarali ekspluatatsiya qilish hamda innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish orqali yuqori natijalarga erishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.