Jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish bugunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. Shu maqsadda ko`plab sport musobaqalari tashkil etilib, yoshlardagi iroda, kuch, shiddat va qator imkoniyatlar namoyon bo`lmoqda. Xususan, bu borada “Talabalar festivali” o`z nufuzi bilan tanilgan. Kuni kecha O`zbekiston yoshlar ittifoqi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublikamiz kuch tuzilmalari va huquqni muhofaza qilish organlari hamkorligida festival doirasida oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim muassasalari kursantlari hamda huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalarining o`zaro bellashuvi tashkil etildi. “Tinchligimiz, taraqqiyot va farovonlik uchun” shiori ostida o`tgan sport musobaqalari yoshlarga xos qizg`in kurashlarga boy bo`ldi. Bu ajoyib kuch sinash tadbirining aynan shu oyda o`tkazilayotganiga yana bir asos bor: 2025-yil may oyi oliy va kasbiy ta`lim muassasalarida “Sportchi – yurt himoyachisi” shiori ostida “Sport oyligi” deb e`lon qilingan.
Oʻzbekiston Milliy universiteti sport pavilonida oʻtkazilgan ushbu baxslarda, oz emas, jami 720 nafar ishtirokchi nizomda belgilangan sportning 10ta turi bo`yicha g`oliblik sari intildilar. Bu 10 ta tur: minifutbol, basketbol, voleybol, armrestling, 100m ga yugurish, 100m ga suzish, turnikka tortilish, arqon tortish, bir-biriga estafeta topshirish va tosh ko`tarislardan iborat edi. Mard maydonda sinaladi, deganlari haq ekan. Har bir yo`nalishni, u jamoaviy bo`ladimi, yakka tartibdagi bellashuvmi, aslo hayajonsiz kuzatish mumkin emasdi. Chunki, ishtirokchilar bor imkoniyatlarini ishga solib, o`zlarining qanchalik epchilligi, zukkolik va jismoniy tayyorgarlik borasida nimalarga qodir ekanliklarini isbotlab berishdi.
Basketbol, voleybol o`ynayotganlar haqida ham shunday fikrga kelasiz. Armrestling o`zbek xalqi uchun juda qadimdan ma`lum. O`tgan asr 50-yillarida amerikaliklar bunga qo`l urib, armrestling deb nom berishgan bo`lsa, bizning ota-bobolarimiz necha asrlar davomida “qo`l olishib” kuch sinashib kelishgan. Shundandir, O`zbekiston 1996-yildan bu sohada xalqaro musobaqalarda qatnashib, ketma-ket chempionlik nomini olib kelmoqda. Bu musobaqada ham bilagi zo`r haqiqiy er yigitlar kuch sinashyapti.
“Tinchligimiz, taraqqiyot va farovonlik uchun” shiori ostida o`tgan sport musobaqalari kuch-quvvat, shiddat, mardlik kabi qator qobiliyatlar namoyishiga aylanib ketdi. Unda ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Harbiy tibbiyot akademiyalari, shuningdek, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik muhandislik bilim yurti, Bojxona instituti, Jamoat xavfsizligi universiteti, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasining kursant va talabalari faqat g`alaba maqsadida maydonga tushdilar.
Qizgʻin va murosasiz kechgan baxslarda kim g`olib bo`lishini so`nggi lahzalargacha aniq aytish qiyin edi. Buni musobaqaning tantanali yopilish marosimida soʻz olganlar ham alohida e`tirof etdilar. Yoshlarning har bir shijoati va matonatini alohida tilga oldilar. Nihoyat, to`plangan ballar va erishilgan yutuqlar sarhisobiga ko`ra 720 nafar ishtirokchi orasida O`zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasi oʻzlaridagi bor qobiliyat va isteʼdodni yorqin namoyon etib, mutloq g`oliblikni qo`lga kiritdi.
Barcha gʻolib va sovrindorlar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Yoshlar ishlari agentligining diplom, medal, kubok va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanishdi.